Sobirjon Rahmetov

Sobirjon Raxmetov. Katalog. - Toshkent: SMI-ASIA, 2010, 72 bet.

Rayhon Yergaliyeva San'at shunoslik fanlari doktori professor

Rangtasvirchi rassom Sobir Rahmetovning ijodi mohiyatan klassiklik maqomiga ega bo'lib qoldi. Uning klassikligi yuksak kasb mahorati yoki olam va insonga bo'lgan cheksiz muhabbatidagina namoyon bo'lmaydi. Sobir Rahmetov ijodining klassikligi aqlbovar qilmas darajada teran tomirga ega. Bu ehtimol tug'ma tabiatidan kelib chiqqan yoki san'atkorning o'z qalbiga hamisha sodiqligida namoyon bo'lar. Tugal kompozitsiya tuzish, uning badiiy yaxlitligini tasviriy san'at qonuni sifatida tushunish, mutanosiblik va marom, obrazni umumlashtirish yoki charxlash usullarini egallash, rang-tuslar va yordamchi ranglar bilan mohirona ishlay olish singari xislatlar Sobir Rahmetov ijodida tabiiy ravishda namoyon bo'ladi va uning rangtasvirda inson va tabiatning noyob go'zalligini ko'ra, his qilish va tasvirlay olishdek o'zgacha mahoratini namoyon qiladi. Sobir Rahmetov rangtasvirining klassiklikka daxldor ekanligini tasdiqlovchi yana bir mezon mavjud. Bu mezon nafaqat Markaziy Osiyo, balki butun dunyo madaniyatidagi zamonaviy san'atda tamoman yo'q bo'lib ketgan. Shu o'rinda rangtasvir janrlarining sofligi, ularning chegarasi va doimiy o'zaro uyqashuvini yo'qolib borayotganligi haqida gap ketmoqda. Janr sofligini rad etish ko'proq zamonaviy rassomlarning harturli jihatlarga intilishi, ularning doimiy o'zgarib borayotgan dunyo ortidan yetib olishga bo'lgan ehtiyojini ochib beradi.

Sobir Rahmetov rangtasvirida esa janriy chegara aniq-tiniq ko'rinib turadi. Bu uning ijodiy dunyosiga hozirgi paytda har bir inson va umuman jamiyat uchun benihoya zarur bo'lgan barqarorlik hissini olib kiradi. Bulardan tashqari aniq janriy tizim rassomga halaqit bermaydi, uning imkoniyatlarini chegaralab qo'ymaydi. Unga janriarning barcha qonunlari va chegalari ma'lum, shuning uchun ham rassom ularning har birida erkin ijod qila oladi, o'zining zakiy fikrlarini ifodalaydi. Rangtasvirchi rassom yaratgan portretlarda janr sofligini ko'rish, uning mo'yqalami bilan ochib berilgan inson qalbini his qilish tamoshabinga huzur bag'ishlaydi. Har bir inson betakror va dunyosi boy ekanligini barchamiz yaxshi bilamiz, ammo Sobir Rahmetov ishlagan portretlar qiyofasiga qarab bu oddiy fikr haqqoniy mohiyatga ega ekanligini tushunib yetamiz. Rassom yaratgan qariya yoki o'smir, dehqon yoki haykaltarosh, qizaloq yoki keksa ayol bo'lsin - barcha obrazlari tomoshabinga o'z tarixini ochib berayotgandek tuyuladi. Inson shaxsiyatining ichki kechinmalari, uning qalb sirlariga teran kirib borish rassomga ato etilgan iste'dod deyish mumkin. Uning qalb ko'zi bilan ko'ra olish qobiliyati har kimga ham nasib qilavermaydi.

Shu narsa e'tiborliki, bu dunyoga inson o'zini boshqalar tushunishlarni xohlab keladi, lekin uni to'la topa olmay bu dunyodan ketaveradi. Sobir Rahmetovga esa aynan o'zgalarni tushunishdek qobiliyat xudo tomonidan ato etilgan. Bunday tushunishning sababi rassom insonni qanday bo'lsa, shundayligicha sevishi, har bir shaxsni tabiiy qabul qilishida bo'lsa kerak. Davr va hayot saboqlari bizni ba'zilarni qaysidir sifatlariga ko'ra yoqtirish, o'zimizga yoqmagan kishilardan esa uzoqroq yurishga o'rgatib qo'ydi. Lekin Sobir Rahmetov bunday saboqlarni tan olmaydi, u har qanday insonning betakror go'zalligini ko‘radi va uni tabiiy tushunadi.

Bu, ehtimol, hozirgi kunimizda kamyob bo'lib qolgan rassomning insonga bo'lgan muhabbati Sobir Rahmetov ijodini tushunishga yordam berar. Aynan shu noyob muhabbat unga inson obrazini qaynoq qalb qo'ri va yuksak ruhoniyat, hissiyot epkinlari va qalblarga qanot baxsh etuvchi fikrlar bilan yaratayotgandir. Zamonaviy rangtasvirda hayotiy voqelik xilma-xil ko'rinishda tasvirlanayotgan bo'lishiga qaramay, aynan inson o'ta noyob obrazlardan bo'lib qoldi. Badiiy ko'rgazmalar bizga hayot falsafasini kompozitsiyalaming mavhum shartliligi, majoziy va ramziy obrazlar orqali ochib beradi, ongimizda behisob savollar uyg'otadi. Keyingi yillarda eng yuqori ma'nodagi klassik va hatto tasviriy san'ait uchun birlamchi bo'lgan obraz - inson obrazi rassomlar e'tiboridan tushib qolayotganligi odatiy holga aylandi. Buning sabablarini ochib berishni o'z oldimizga vazifa qilib qo'ymasdan, insonning ichki va tashqi go'zalligi birlamchi bo'lgan noyob portret janri ustalaridan biri sifatidagi Sobir Rahmetov ijodiga tomoshabin e'tiborini qaratishni joiz deb topdik. Rassom yaratgan portretlardan inson qiyofasi turlicha namoyon bo'ladi, lekin faqat bir narsa - portreti chizilgan shaxsga u zamondoshlariga taqdim etayotgan ma'naviy dunyoga hurmat hissi o'zgarmas bo'lib qolaveradi. Munosib e'tibor, anglash, hayratlanish va g'ururga sazovor bo'lgan hilqat sifatidagi insonga diqqat va xayrixohlik bilan nazar solish Sobir Rahmetov ijodining o'zagini tashkil etadi.

Rangtasvirchi rassom yaratgan portretlardan bizga ajoyib fazilatlar egalari bo'lgan rassomlar va yozuvchilar, horijiy elchilar va vazirlar, dehqonlar va xalq artistlari boqib turadi. Oxir-oqibatda esa, birinchi navbatda ularni rassom o'z ko'zi bilan ko'rganligini tushunib yetamiz. Erkaklaryoki ayollar, qariyalar yoki yoshlar - kim bo'lishidan qat'iy nazar sinchkov rassom ulardagi umid va tajriba, bolalarcha orzu va hayotiy o'git kabilarning betakror qorishuvini ilg'ab oladi. Umid, orzular ohangining yorqin jaranggi - bu Sobir Rahmetov ishlagan portretlarning o'ziga xos xususiyatlaridir. U go'yoki o'z qahramonlari qiyofasidagi begunoh bolalarga xos xususiyatlarni ta'kidlayotgandek, ularning har birida saqlanib qolgan bolalarcha bokiralikni qidirayotgandek bo'ladi. Bu jihatni taqdir natijasi, hayot tajribasi bilan uyg'unlashtirib rassom teran falsafiy, hayotiy obraz yaratadi. Turli madaniyat, turli ijtimoiy qatlam kishilari uning asarlarida o'ziga xos tarzda gavdalanadi, lekin doim ochiq qalb bilan huzurimizga chiqib kelayotgandek bo'ladi. Rassomning bu o'zgacha, ammo nihoyatda teran, xalqona nuqtai nazarining teran tomiri xaqiqiy o'zbekona, milliy xususiyat qon-qoniga singib ketgan insonni iliq xislatlar ila tasvirlash va SanktPeterburg Badiiy akademiyasida tahsil olib yurgan paytlarida hosil qilgan inson qalbining nozik torlarini cherta olishdek qobiliyatini uyg'unlashuvida yashiringan bo'lsa ajab emas. Bu rassomning oilasidagi ota-onaga bo'lgan ulkan muhabbat, uning dunyoni va insonni sevishga o'rgatgan, yuksak badiiy didli va iqtidorli kishilar sifatidagi otaonasiga bo'lgan bolalarcha muhabbati va yetuklik davrida ularni qalban anglashi kabi xususiyatlarida o'z ifodasini topgan bo'lishi ham mumkin.

Bu teran va mazmunli xislat sharqona madaniyat hamda ruscha-yevropacha ta'lim sintezidan o'sibulg'aygan rassomning haqiqiy gumanizmi asosini tashkil etgan. Shuning uchun bo'lsa kerak, Sobir Rahmetov ijodi va uning insonni idrok etish xususiyati shoirona kayfiyat bilan yo'g'rilgan va yuksak qalb epkinlari bilan jilolangan. Rassomning o'z qahramonlariga munosabatida insondagi yuksak ruhoniyat va romantiklik, ezgulik, olihimmatlilik va soflikka ishonch zuhur bo'ladi. Ijodkorlikka moyil va qiyofasidan bitmas-tuganmas kuch yog'ilib turgan favqulodda shaxslar rassom e'tiborini tortadi. Rassomning benazir iqtidori uning rangtasvir asaridagi shoir G'ofur G'ulom, haykaltarosh Azamat Xotamov, bastakor va qo'shiqchi Yunus Rajabiy, artist Hasanali Ashimov obrazlari, rassomning o'zining avtoportretlari va boshqa asarlarida namoyon bo'ldi. Hayotimizni ruhoniy nur bilan yoritgan bu sirli uchqun rassom uchun insondagi eng maftunkor xilqat bo'lib qoladi. Jonli, haqiqiy inson o'zining ichki qudrati, go'zalligi yoki dramasi bilan rassomning rangtasvir asarlarida namoyon bo'ldi. Rassomning bizga tanish bo'lgan asarlari qahramonlarining qadrdon go'shasi uning ijodining ham ibtidosi, ham davomi bo'lib qoldi. Bu go'shalar rassom tomonidan samimiyat bilan aniq, nozik gavdalantiriladi, ammo qaysidir lahzada hayotning o'zining yaratuvchilik kuchining majozi sifatida o'z mohiyatini ochib beradi.

Sobir Rahmetov qahramonlari hayot bilan afsona uchrashgan, uni ertakka aylantirgan xalqona ijod namunalari bilan yo'g'rilgan xilma-xil maishiy sharoitda ("G'ofur G'ulom portreti"), butun kuchquvvati diqqatga aylangan shaxsning haykaltaroshlik ustaxonasida ("Azamat Xotamov portreti"), sharq miniatyuralari syujetlari va bo'yoqlarining ohangdor go'zalligida ("Yunus Rajabiy portreti") yashaydi. Bular qahramonlarning haqqoniy, ayni paytdateran, ichki ruhoniy dunyosidir. Ularning oliy ruhoniy go'zallikka intilishi rassom hayotiga ma'no beruvchi ijodiy omil bo'lib qoldi.

Inson tabiatining xilma-xilligini ochib bera olish, uning qalbiga quloq solib, o'zi haqida hikoya qilishga majburlashda, qahramonni o'z ortidan tomoshabinni betakror va sirli dunyosiga olib ketishi kabilarni ko'rsata olish qobiliyatida Sobir Rahmetovga xos bo'lgan alohida iste'dod namoyon bo'ladi. Inson qalbining hayratga soluvchi go'zalligi va abadiy sirliligini yana bir bora his qilish uchun yevropacha klassik portret personajlarining sirli boqishlari, inson tasvirida sirlilik, shartlilik singari sharqona an'analarni eslaymiz, Sobir Rahmetov qahramonlari nigohlarida ana shu jihatlar yashiringan murakkab dunyoga yana bir bora nazar tashlashga urinib ko'ramiz. Sobir Rahmetovning portret asarlari haqida gap ketarekan, uning ijodiy usulidagi alohida badiiy mahoratni ta'kidlamay bo'lmaydi. U kartina yaratishda goh ma'noni to'laqonli ochib berishga va kompozitsion hamda plastik takomilga inti Isa, goh jadal, nozik yondashuv ila jonli va tez tasvirlash yo'lini tutadi.

Rassom o'zining hayotga bo'lgan alohida betakror qarashini har bir asarida namoyon qilishga intiladi. Buning uchun faqat uning botiniy hayot epkinlari barq urayotgan asarlariga nigoh tashlash kifoya. Ularning jimgina boqishlarida rassomning ongidan oshiyon topgan hayotni inson haqidagi fikrni tuyish mumkin. Sobir Rahmetov uchun suyukli bo'lib qolgan tasviriy san'atning manzara va inter'yer rangtasvir janrlariga singdirilgan falsafiy dunyoqarash qarama-qarshiliklarini yorqin anglash mumkin. Uning inter'yerida inson zoti ko'rinmaydi. Ularda hech kirn yashamay, doimiy jimlik va sokinlik hukm sursa-da, o'ziga maftun qiladi. Ustaxona inter'yeri sukunati ("Qizil inter'yer" triptixi) hozirgina bu yerdan chiqib yoki uyquga ketgan kishining hayot sirlarini o'zida yashirayotgandek tuyuladi. Rassomning insonlardan holi bo'lgan tabiat manzaralari ham jonli, hayotiy chiqqan. Yorug'lik, quyosh nurlari oqimi, nur va soya o'yinlari, shahar bog'lari va qishloq hovlilarini to'ldirgan, ularga hayot nafasini singdirgan. Bu tasavvurlarga iloh yaratgan tabiat dunyosi va inson yaratgan madaniyat dunyosi haqidagi falsafiy g'oya singdirilgan.

Shu o'rinda Sobir Rahmetov yaratgan "G'ilon aholisi", "Ajdodlar obrazi" seriyalari, Miraki, Shohimardon, Qashqadaryo qishloqlari manzaralari seriyalari e'tiborni tortadi. Ularda rassom shaxsiyatining yangi qirralari va jihatlari namoyon bo'ladi. Bu asarlarda uning ijodiy izlanishi hech qanday tashviqot va targ'ibotga joy qoldirmay, yorqin shaffof ko'rinish kasb etadi. Bularga asrlar davomida shakllangan an'analar asosida yashab kelayotgan o'zbek kishilarining osoyishta aqlidonishligiga monand lo'nda tasviriy lison xos xususiyat bo'lib qoladi.

Bu asarlarda tabiatning abadiy go'zalligini va inson ruhining osoyishta ulug'vorligini ta'kidlovchi shaffof nur yog'ilib turadi. Kompozitsiyaiarning aniqligi, ranglarning uyg'unligi an'anaviy hayotning abadiyligini ta'kidlab turadi. Mazkur asarlarda qo'llangan tasviriy usullar va yangi paydo bo'lgan ruhoniy g'oyalarda hayotdagi baxt inson va tabiatning uyg'unligida ekanligi haqidagi fikr o'z ifodasini topadi.

Sobir Rahmetov asarlarining badiiy tomoni bizning davrimizda kamdan-kam uchrayotgan rejissuraviy uyg'unligi xususiyatlari bilan ajralib turadi. Uning asarlarining stilistikasi turlicha bo'lishi mumkin. Turli yillarda, ba'zan esa sinxron tarzda rassom gipperrealizm yoki majoziy shartlilik, erkin impressionistik tasvir, akademik realizm usullarini erkin namoyish etib kelmoqda, sharqona miniatyuralari an'analarini tusli yoki deyarli grizaylli rangtasvirni zamonaviy variantlarda ijodiy o'zgartira oladi. Ammo rassom uchun avvaldan xos bo'lgan me'yor hissi uning asarlaridagi bosh mezon bo'lib qolaveradi. Aynan mana shu me'yor hissi Sobir Rahmetovning ijodiy cho'qqilarga yetakladi va uni haqli ravishda mahoratli rangtasvir klassigi deb atashga imkon beradi.

Sobir Rahmetovning ijodi haqli ravishda O'zbekistonning eng yaxshi rassomlari ijodi qatoridan o'rin egalladi. Mahorat bilan ishlangan, hayotga tiyrak ko'z bilan boquvchi va insonga iliq nazar tashlovchi uning asarlari tomoshabinga inson, uning orzulari va umidlari, dunyoda o'zlikni anglash haqida tafakkur yuritish uchun jiddiy ozuqa beradi. Rassom uchun xos bo'lgan noyob ichki olijanoblik rangtasvirning teran qonunlariga osoyishta ergashish bilan uyg'unlashib, uning asarlarini Markaziy Osiyo zamonaviy san'atida alohida mavqeni belgilovchi klassikaga dahldorligini ko'rsatadi. Sobir Rahmetov ijodida yorqin namoyon bo'lgan sharq va g'arb gumanizmining eng yaxshi sifatlari san'at kelajagiga, insondagi aql, ezgulik va go'zallik tantanasiga ishonch uyg'otadi.

 

Izohlar

Fikringizni yozib qoldiring!