calendar_month 12 Dekabr, 2024 | visibility 261
2024 yil 12-dekabrda Kamoliddin Behzod nomidagi Sharq miniatyura san'ati muzeyida O‘ktam Saidovning «Tafakkur va tasvir» nomli ko‘rgazmasi ochildi. Rassom o‘z ishlarida asosan diniy va milliy mavzularga murojaat qilgan va monoelementlardan foydalangan, bu esa uning asarlariga chuqur ma'no bergan.
Ko‘rgazmada «Tungi suhbat», «Uchrashuv», «Muborak kun», «Sevishganlar», «Maqsadsiz hayot» va «Sanama» kabi asarlar o‘zining ko‘p qatlamli ma'nosi bilan tomoshabinni o‘ziga tortadi.
Masalan, «Uchrashuv» nomli asarda rassom odamlarni bir joyga ma’lum bir sabab bilan yig‘ilishlarini tasvirlash uchun oyoq kiyimlarini ramz sifatida ishlatgan. Kompozitsiyaning markaziy qismida bolaning oyoq kiyimi joylashganligi yosh bolaning kattalar dunyosi bilan uchrashuvini ifodalaydi, bu esa avlodlar o‘rtasidagi o‘zaro aloqani va hayotning bir bosqichidan boshqasiga o‘tishni ko‘rsatadi.
«Maqsadsiz hayot» nomli asari e’tiborga loyiq. Bu asarda rassom hayotning behuda sarflanishini kutilmagan tarzda ko‘rsatgan. Hayot qora tuynuk orqali odamlarning tabiiy ehtiyojlarini qondiradigan joyga yo‘llash orqali tomoshabinni o‘z hayotini qayta baholashga undaydi.
O‘ktam Saidovning ko‘rgazmasi hayot, vaqt va inson haqida chuqur fikr yuritishga chaqiradi. Har bir ish rassomning ichki dunyosini aks ettiradi va tomoshabinni o‘z yo‘li, qilgan ishlarining ma'nosi va ahamiyati haqida o‘ylashga undaydi. Rassomning asarlarida simvolizm va soddalik uyg‘unlashib, har bir kishiga o‘zining noyob ma'nosini topishga imkon beradi.