Yangicha nigoh

calendar_month 15 Noyabr, 2024 | visibility 150

15 noyabr kuni O‘zbekiston Badiiy akademiyasi Markaziy ko‘rgazma zalida O‘zbekiston Badiiy akademiyasi akademigi, rassom va O‘zbekiston rassomlar uyushmasi raisi Ibrohim Valixo‘jayevning shaxsiy ko‘rgazmasi ochildi. Yangicha nigoh deb nomlangan ko‘rgazmada katta formatdagi 28 ta konseptual asarlar namoyish etildi.

Yangicha nigoh deb nomlangan ko‘rgazmadan mutlaqo yangi yondashuv yoki mazmunan yangilanish kutiladi. Ammo ko‘rgazmada yangi so‘zi bilan bog‘liq moslikni topish qiyin. Namoyish etilgan aksariyat abstrakt asarlar – Pit Mondrian (1872–1944), Mark Rotko (1903–1970) va Kazimir Malevich (1879–1935) uslublarini takrorlaydi. Bu esa tabiiy savolni paydo qiladi: bu yerda nima yangi?

Agar muallif mavjud abstrakt yo‘nalishlar orqali milliy o‘ziga xoslikni ifoda etmoqchi bo‘lgan bo‘lsa, bu albatta e’tiborga loyiq, ammo bunday holatda nomlanishni aniqroq to‘ldirish kerak bo‘ladi.

Ko‘rgazmadagi asarlar orasida Ko‘hna bog‘, Dengiz, Qizil nur, Tumor, Renessans va Afsonaviy qush kabi asarlar alohida diqqatni tortadi. Bu asarlar nisbatan o‘ziga xos yondashuvga ega va yuqoridagi rassomlarning bevosita uslublarini takrorlamaydi.

Avvaliga mashhur abstraktsionist rassomlar uslublarini takrorlanishi tanqid qilinishi mumkin, lekin shu bilan birga bu abstraktsiyani anglashdagi jasoratli urinish ekanligini tan olish lozim. Bunday tajribalar boshqa rassomlar uchun ijodiy chegaralarni kengaytiradi, yozilmagan qoidalarni olib tashlaydi va san’atdagi keyingi izlanishlar uchun turtki bo‘lib xizmat qiladi.

Ko'rgazma ekspozitsiyasi
Ko'rgazma ekspozitsiyasi

 


Jamshid Rashidov

Izohlar

Fikringizni yozib qoldiring!